Hozirgi kunda Internet tarmog‘ining rivojlanishi hamda uning jamiyat hayotida muhim o‘rin egallashi jahon miqyosida keng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratib kelmoqda. Butun jahon tadbirkorlarining aksariyat qismi o'z biznesini ijtimoiy media marketing orqali reklama qilib kelmoqda. Bu esa o'z navbatida tadbirkorlarning ayni vaqtdagi biznesida uchraydigan bevosita mablag' talab etadigan ko'plab muammolarini sarf-xarajatlarisiz amalga oshirish imkoni berib kelmoqda.

     Ijtimoiy media ko‘plab interfaol foydalanuvchilarga ega internet platforma bo‘lib, u internet tarmog‘i ishtirokchilari tomonidan to‘ldirib boriladi. Bunday platformalar umumiy qiziqishi bir xil bo‘lgan foydalanuvchilarning bitta guruh ichida o‘zaro muloqot qilishiga imkon yaratadi.

     Ijtimoiy media marketing (SMM — social media marketing)— mahsulot va xizmatlarni targ‘ib qilish, xaridorlarni jalb qilish hamda mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish faoliyatini ijtimoiy medialarda amalga oshirish hisoblanadi.

     Millionlab foydalanuvchilar o‘z vaqtining aksariyat qismini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadi: maqola o‘qishadi, rasm tomosha qilishadi, do‘st-birodarlari bilan suhbatlashishadi. Bunday katta auditoriya marketing faoliyatini yuritish uchun eng katta yutuq hisoblanadi. Shu sababli, har bir tadbirkor bugungi kunda aynan Ijtimoiy media marketing (SMM)dan keng foydalanib kelmoqda.