Hurmatli hamjamiyatimiz a'zolari! Avvalambor ushbu saytda o'zingizning tajribangizdan kelib chiqib yoki qiziqishingiz ortida axborot texnologiyalari sohasidagi turli xil qiziqarli maqolalarni chop etib, boshqalar bilan baham ko'rayotganingizdan mamnunligimizni bildirib o'tmoqchiman. Ushbu hamjamiyatga yozilgan har bir maqolani qadrlaymiz, chunki qoidalarga mos yozilgan har qaysi maqolaning o'z o'quvchisi bor hamda u boshqalarga foyda beradi, yangi ma'lumot ulashadi. O'z tajribangizni boshqalarga ulashish - bu juda yaxshi, albatta. 

Maqola yozishdagi asosiy masala bu - maqola yozish qoidalariga to'liq amal qilish. Maqola yozish bo'yicha qoidalar mavjud, u qoidalarning qisqacha ko'rinishi saytning maqola yozish oynasida keltirilgan, to'liq matni bilan ham albatta tanishib chiqing. 

Ushbu eslatmani yozishimdan asosiy maqsad, so'nggi paytlarda chop etilayotgan maqolalarning sifati har jihatdan pastlab ketdi. Turli manbalardan shunchaki ko'chirib, hamjamiyatda chop etayotgan foydalanuvchilar bor. Bunday maqolalarni ko'p chop etish bilan foydalanuvchining saytdan foydalanish huquqi cheklanadi, boshqacha qilib aytganda akkaunt bloklanadi. Odatda izohlarda maqolalarga o'z fikrimni bildirib o'taman. Agar tahrirlash kerak bo'lsa, tahrirlab qo'ying, marhamat. Agar maqolangiz butunlay o'chib ketgan bo'lsa, demak maqolangiz maqola yozish qoidalariga to'g'ri kelmagan bo'ladi. Aksariyat hollarda imlo xatolar juda ko'p bo'ladi, bu nafaqat o'zbek tiliga hurmatsizlik, balki maqolani o'qiydigan o'quvchilarga ham katta qiyinchilik tug'diradi. Shu o'rinda eng ko'p uchrayotgan holatlarga alohida to'xtalib o'tmoqchiman:

  • boshqa manbadan to'g'ridan to'g'ri ko'chirilgan maqolalar;
  • juda kichik hajmdagi, mazmun tugallanmagan maqolalar;
  • maqolaning kirish qismi mavjud bo'lmagan, dab-durustdan aralash, chalkash ma'lumotlar berilgan maqolalar;
  • imlo xatolar juda ko'p maqolalar;
  • axborot texnologiyalariga aloqasi bo'lmagan maqolalar;
  • chet tilida yoki kirill harflarida yozilgan maqolalar;

Agar sizning maqolangizda shunday holatlar kuzatilsa va ogohlantirishga qaramasdan bu holatni davom ettirsangiz, foydalanish huquqingiz cheklanadi.