Dasturchi bilan intervyu loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Fariz Abduhakimov.

Eslatib o'tamiz, ushbu loyihada yosh dasturchilar haqida motivatsion shukuhdagi qisqa savol-javob (intervyu) berib boramiz. Bu intervyuda sizga o'xshagan O'zbekistondagi boshqa dasturchilar qanday o'z maqsadlariga erishgani va qanday loyihalar bilan mashg'ulligini baham ko'ramiz.  

- Ism-sharifingiz, yoshingiz

- Fariz Abduhakimov Baxodirovich, 16 yosh.

- Ish/o'qish joyingiz

- Hozirda maktabda o'qiyman.

- Dasturchilikni qachondan o'rganishni boshladingiz? Qaysi yo'nalishda dasturchilik qilasiz?

- Endigina 1 yil bo'ladi desam to'g'riroq) Chunki avval o'zim uchun aniq bir yo'nalish tanlay olmaganman, bir dasturlash tilini 1-2 hafta o'rganib tashlab ketib boshqa tilga o'tgan paytlar bo'lgan. Albatta bu noto'g'ri edi, shu tufayli ham ko'p vaqt yo'qotib qo'yganman. Asta-sekin vaqt o'tib bu yurish xato ekanini tushundim. O'zimni oldimga aniq maqsad qo'ydim va BackEnd (Python) yo'nalishini tanladim. Python dasturlash tilini avval ham 1-2 darslar ko'rib tashlab qo'ygan edim, o’zimni maqsadimni aniqlab olganimdan keyin esa yana  boshidan o’rganib chiqishga qaror qildim va hozirda uning freymvorki Djangoni o'rganib mustaqil kichik loyihalar qilib boryapman.

- OMUC ning dasturchilikni o'rganishda sizga ahamiyati qanday?

- OMUC dasturlash olamiga kirib kelishimda man uchun haqiqiy “ko’prik” bo’ldi. Chunki avval dasturlash nimaligini, deyarli har kun ishlatadigan dasturlarim, o’yinlar qanday yaratilishini bilmas edim. OMUC menga dasturlash dunyosi qanday ekanini ko’rsatdi. Boshida bu loyiha orqali qanday o’rganishni bilmasdim ham, OMUCning ijtimoiy tarmoqlar (telegram)da community’siga qo’shilib yordam so’rardim, OMUC hamjamiyati haqiqatdan ham do’stona insonlar bir-biriga yordam berishi, qo’llab-quvvatlashi, umuman boshqacha muhitni bor edi.

- Birinchi muhim loyihangizni qachon bajargansiz? Guruh bilanmi yoki bir o'zingizmi? Sir bo'lmasa loyiha haqida qisqacha yozib bersangiz.

- Birinchi loyihani o’zim qilgan edim. Bir do’stimizga kichik  bir sahifalik “resume”ni shablonini yasab bergan edim, birinchi loyiha oddiy bo’lgani uchun ham ko’p yozmay qolaverdim:)

- Dasturlashni o'rganishni boshlaganingizdan qancha vaqt o'tib birinchi marta jiddiyroq loyihada ishtirok etdingiz?

- Tajribam yo’qligi tufayli hali kattaroq loyihalarda ishtirok etmaganman, hozirda o’z ustimda ko’proq ishlab, o’zim o’rgangan bilimlarimga tayanib mustaqil loyihalar qilib boryapman. In Shaa Allah jiddiyroq loyihalarda ham ishtirok etishga harakat qilyapman.

- Shu kungacha ishtirok etgan loyihalaringiz, tuzgan dasturlaringiz haqida ma'lumot bersangiz.

- O’zim avval kichik telegram botlar, blog app’lar qilganman. Yaqinda o’zim tugatgan proyektni ham ko’rsatib o’tmoqchiman (one-sound-site.herokuapp.com) Djangodan 1-2 kurslarni tugatganimdan keyin o’zim olgan bilimlarimni amaliyotda sinadim va katta bo’lmasa ham Music Site yaratdim. Saytni yaratish jarayonida o’zim bildimki, amaliyotdan ko’p narslarni o’rganib olar ekansiz. O’rgangan bilimlarni mustaqil amaliyotda qo’llashni Abduaziz aka maslahat berganlariga rahmat aytaman:) Mustaqil qilgan loyiha jarayoni ham ancha samarali o’tadi, bir xatolikka duch kelib, uni qiynalib bo’lsa ham yechimini topganimda keyingi safar buni oson to’g’rilay oladigan bo’ldim. Ko’p xato qilishdan ham qo’rqmaslik kerak, xatolar orqali hammamiz o’rganamiz.

- Qaysi dasturlash tillarini o'rganmoqchisiz? yoki sizga o'z yo'nalishingiz mutlaq yoqadimi?

- JavaScript’ni o’rganishni reja qilganman . O’zim keyinroq saytlarimni frontend’ini qila olishim uchun ham js’ning freymvorklaridan birini o’rganish ham rejada bor.

- Kelajakda mustaqil dasturchi bo'lmoqchimisiz (o'z firmangizga ega yoki freelancer sifatida chet elga chiqmagan holda) yoki Top 10 talikdagi dunyoning eng katta kompaniyalariga ishga kirishga (chet elga borib) qiziqasizmi? Javobingizga o'zingizning shaxsiy fikringizni qo'shib qo'ysangiz.

- Avval mahalliy firmalarda ancha ko’proq tajriba olib, keyin xudo xohlasa chet el kompaniyalarida ishlash niyat bor va albatta chet elning tajribasini o’rganib O’zbekistonda qo’llash , Vatanimiz ham chet davlatlari bilan bemalol raqobat qila oladigan darajaga chiqishini barchamiz xohlaymiz. Buning uchun albatta qattiq harakat qilishda davom etaman.

- Endi dasturlashni o'rganmoqchi bo'lgan o'rganuvchilarga maslahatingiz qanday? Ayniqsa yo'nalish tanlolmay xunob bo'layotganlarga :)

    - Har kimda o’zi ich-ichidan juda ham qiziqqan sohasi bo’ladi, har xil yo’nalishlarni o’rganaman degan inson vaqt yo’qotishi aniq. Mayli ozgina muddat o’zlarini biron yo’nalishlarda sinab ko’rishsin, lekin keyinchalik ularga bu yo’nalish zerikarli, keraksizdek ko’rinsa, demak bu soha ularniki emas:) orada vaqt ketgani qoladi (o’zimda ham shunday bo’lgan). Shuning uchun ham bir sohani mahkam ushlab o’sha sohada haqiqiy mutaxasis bo’lish kerak.

- OMUC da sertifikat olishga qiziqib, darslarga esa qiziqmaydiganlarga maslahatingiz qanday?

- Sertifikat olgan bilimlarini level’i qay darajada ekanini ko’rsatmaydi, sertifikatga qizib qolganlar bir darslarni ko’rishsa, o’zlari yaratgan dasturlarini ustida ishlashadi va shu bilan o’zlari darslarni ichiga kirib qiziqishadi deb o’ylayman.

- Hozir aslida mavjud, lekin agar imkoni bo'ganda siz ishtirok etishni xohlagan loyiha? 

- Albatta imkon bo'lganda hozirda O'zbekistonda onlayn ta'lim platformasi bo'lgan Mohirdev jamoasiga dasturchi sifatida qatnashib o'zim uchun yangi tanishlar, tajriba orttirar edim.

Farizning OMUC orqali dasturlashga kirib kelgani quvonarli hol albatta. Uning yosh bo'la turib fikrlashi va erishgan yutuqlari tahsinga loyiq. Farizning kelajakdagi ishlariga omad tilaymiz. 

Keyingi intervyularni ham chop etib boramiz. Bizni yanada qiziqarli intervyular kutmoqda.

Community.uzbekcoders.uz ni kuzatib boring.

Dasturlashni o'rganishda davom eting. Bir million o’zbek dasturchilari safida bo’ling!