Dasturchi bilan intervyu loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Mabrur Xayitboyev.

Eslatib o'tamiz, ushbu loyihada yosh dasturchilar haqida motivatsion shukuhdagi qisqa savol-javob (intervyu) berib boramiz. Bu intervyuda sizga o'xshagan O'zbekistondagi boshqa dasturchilar qanday o'z maqsadlariga erishgani va qanday loyihalar bilan mashg'ulligini baham ko'ramiz.  

Mabrur Xayitboyev OMUC ning tanlovida g'olib bo'lgan dasturchilardan biridir. Dasturlashni mukammal o'rganishida OMUC ning ahamiyati hamda hayotiy-dasturchilikka xos tajribalarini quyida intervyuda batafsil o'qishingiz mumkin.  

- Ism-sharifingiz, yoshingiz

- Mabrur Xayitboyev, 19 yosh, 2003-yil.

- Ish/o'qish joyingiz

- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, sirtqi bo'lim, 1-kurs / Pixer Devs.

- Dasturchilikni qachondan o'rganishni boshladingiz? Qaysi yo'nalishda dasturchilik qilasiz?

- Dasturlashni maktab paytidan, 7-sinfdan o'rganishni boshlaganman. Boshida pascalni o'rganib olimpiadalarga qatnashib yurganman. Keyinroq 9-sinfda python asoslarini mustaqil o'rganganman. Boshlanishiga Vue.js da frontendchi bo'lganman, hozir Node.js da backend dasturchiman.

- OMUC ning dasturchilikni o'rganishda sizga ahamiyati qanday?

- OMUC dasturlashga jiddiy kirishishimga sabab bo'lgan. Oldin faqat olimpiada uchun dasturlashni o'rganib yurgan bo'lsam, OMUCda o'qiganimdan keyin ish topish uchun jiddiy o'rganganman dasturlashni. OMUCda maqolalar tanlovi bo'lgan, shu tanlovda qatnashganman. Ko'proq Python bo'yicha darslar va maqolalar yozardim, tanlov oxirida maktab o'quvchilari orasida g'oliblar 3 taligiga kirganman va $500 olganman. Shu tanlov o'z blogimni yurgazishimga yaxshi yordam bergan. Hozir telegram kanalimda 2,300 tadan ko'proq odam bor. Udacityda bepul full-stack kursini tugatganimdan keyin Nanodegreega topshirib full-stack o'qish uchun grant yutganman, oxirigacha borolmaganman. Shu qoqilish yanayam qattiqroq tayyorlanishimga sabab bo'lgan va shundan keyin frontendni yaxshilab o'rganganman va UzCardga Vue.js bo'yicha stajyorlikka kirganman. Shu orada Najot Ta'limda JS full-stack dasturlashni o'rganganman.

- Birinchi muhim loyihangizni qachon bajargansiz? Guruh bilanmi yoki bir o'zingizmi? Sir bo'lmasa loyiha haqida qisqacha yozib bersangiz.

- Birinchi loyiham - OMUCda o'qib yurgan paytim tanish akalarim bilan dori yetkazib berish bo'yicha startup qilganmiz. Jamoada Android/IOS dasturchi, Backendchi, Frontendchi va proyekt menejer bor edi. Men frontend qismida ishlaganman, lekin qonunlarni to'liqroq o'rganib chiqmaganimiz bizga pand bergan va dorilarni yetkazib berish bo'yicha umumiy app qilish mumkinmas bo'lgan, faqat apteka tarmoqlari o'zlari qilishlari mumkin bo'lgan. 

- Dasturlashni o'rganishni boshlaganingizdan qancha vaqt o'tib birinchi marta jiddiyroq loyihada ishtirok etdingiz?

- Dasturlashni o'rganishim 7-sinfdan boshlangan, lekin u faqat olimpiadada masalalar yechish uchun bo'lgan. Jiddiyroq o'rganishga kirishishim 10-sinfdan (2020 boshlaridi) boshlangan, karantin paytida OMUC haqida eshitib darslarini ko'rganman. Keyinroq 8 oydan keyin UzCardga frontendchi bo'lib amaliyotga kirganman. Birinchi jiddiy loyiham shu amaliyot paytida bo'lgan, jamoa bilan myuzcard to'lov tizimida qatnashganman. Men ko'proq vyorstka qilish, komponent yasash va backendan kelgan api larni ulash bilan shug'ullanganman.

- Shu kungacha ishtirok etgan loyihalaringiz, tuzgan dasturlaringiz haqida ma'lumot bersangiz.

Frontendda:  

MyUzcard - kartadan kartaga pul o'tkazmalari uchun web sayt.

ETM - Jamoani nazorat qilish uchun CRM sistema

bep20 - nft o'tkazmalari uchun sayt (upworkdan).

Backendda:  

Tingla - audiokitoblar eshitish uchun mobil ilova backendi (0 dan)

Safar - viloyatlar-aro taksi buyurtma qilish xizmati uchun app backendi (0 dan)

hozir o'zimni 2 ta startupim uchun backend yozib turibman, birinchisi biznes uchun, ikkinchisi ta'lim uchun bo'ladi.

-  Qaysi dasturlash tillarini o'rganmoqchisiz? yoki sizga o'z yo'nalishingiz mutlaq yoqadimi?

- Hozir python va JavaScript ni bilaman. O'zim ishlab turgan dasturlash tili menga yoqadi. Hozir TypeScriptni o'rganyabman, keyinchalik backend uchun Nest.js ni o'rganmoqchiman. Keyingi yilgacha Go dasturlash tilini o'rganish niyyatim bor (yaxshiroq software engineer bo'lish uchun). 

- Kelajakda mustaqil dasturchi bo'lmoqchimisiz (o'z firmangizga ega yoki freelancer sifatida chet elga chiqmagan holda) yoki Top 10 talikdagi dunyoning eng katta kompaniyalariga ishga kirishga (chet elga borib) qiziqasizmi? Javobingizga o'zingizning shaxsiy fikringizni qo'shib qo'ysangiz.

- Kelajakdagi maqsadim FAANG ga ishga kirish, Netflixga ishga kirishni o'zimga asosiy maqsad qilib olganman. Shu maqsad yo'lida yil oxirigacha chetga o'qishga kirmoqchiman. Keyinroq O'zbekistonga qaytib startuplar qilish niyatim bor. Self-driven car va uchar dronlarga qiziqqanim uchun balki kelajakda shu sohada biznes qilishimam mumkin. 

- Endi dasturlashni o'rganmoqchi bo'lgan o'rganuvchilarga maslahatingiz qanday? Ayniqsa yo'nalish tanlolmay xunob bo'layotganlarga :)

- Dasturchi bo'lishdan oldin o'ylab ko'rishim uchun ancha vaqt bo'lgan, youtubeda tajribali dasturchilar vebinarlarini ko'rardim va o'zimni qiziqtirgan savollarimni berardim.  

Dasturlashni endi boshlaganimda unga bor kuchim bilan kirishganman. Maktabda hamma fanlardan a'lo baholarga o'qir edim, keyinchalik esa bosh vaqtimni ko'paytirish uchun o'zimga kerakli fanlarni tanlab o'qishni boshlaganman. Dasturlashni shunchalik yaxshi ko'rardimki, hatto darslarga kirmasdan maktabning informatika xonasida kunimni ham o'tkazganman. Shuning uchun birinchi maslahatim, hech qachon o'zingizni majburlamang, bu sohaga faqatgina qiziqsangiz kiring.

Har qanday dasturchi yangiliklardan bexabar qolmasligi kerak, yangi texnologiya chiqishi bilan unga qiziqib ko'ring, o'zingizga ma'qul kelsa o'rganing. Hech qachon bitta til yoki sohada to'htab qolmang. Kuniga kamida 2 yoki 3 soatni dasturlashni o'rganishga ajarting. Bir vaqtning o'zida ikki yoki uchta texnologiyani o'rganishni maslahat bermayman, oxirida hech qaysi birini o'rganolmay qolishingiz mumkin. Shaxsiy tajribadan kelib chiqib aytdim :)

Doimiy tarzda amaliyot qiling. Qo'limdan kelmaydi deb o'ylagan narsalarni ham sinab ko'ring, shundagina yaxshiroq o'sish bo'ladi. Xato qilishdan qo'rqmang, ularni erinmasdan tuzatib chiqishga ko'proq vaqt sarflang. 

- OMUC da sertifikat olishga qiziqib, darslarga esa qiziqmaydiganlarga maslahatingiz qanday?

- OMUCda o'qishingizdan asosiy maqsad sertifikat olish bo'lsa yoki sizni kimdir majburlayotgan bo'lsa o'qimang, bir odamni joyini band qilib turibsiz. Sertifikat hech narsani hal qilmaydi, hech qanday sertifikatingiz bo'lmasa ham, muhimi bilimingiz yaxshi bo'lsin. Shu paytgacha 20 ga yaqin joylarga ishga topshirib ko'rganman, suhbatlarga qatnashganman lekin birortasi diploming yoki sertifikating bormi deb so'rab o'tirmagan. Oldingizga kattaroq maqsad qo'ying, OMUCni bepul kurslarida o'qib, keyinchalik Nanodegree yutish haqida o'ylang, chunki bu kursa oladigan bilimlaringiz sizga ko'p eshiklarni ochib beradi. Bu kursni to'liq o'qib tugatsangiz va berilgan vazifalarni bajarsangiz, bemalol dunyo bozorida dasturchi bo'lib ish topishingiz mumkin. Karantin paytidan keyin chet-elda ko'p kompaniyalar masofaviy ish uchun e'lonlar jo'ylayapti, ingliz yoki rus tilini yaxshi o'rganing va ko'proq chet kompaniyalaridan ish topishga harakat qiling. Nanodegreeda o'rgatiladigan texnologiyalar bemalol ish topishingizga yordam beradi.

-  Sizga qiziq tuyulgan yangi texnologiyalar va ular haqida fikringiz?

- Haydovchisiz avtomobillar (Self-driving car) va Dronlarni dasturlash. Dunyo o'zi yurar mashinalarga o'tayotgani va turli xarbiy va maishiy ishlar dronlar yordamida hal qilinayotgani uchun shu soha menga qiziqarliroq tuyuladi.

Mabrurning dasturchilik karyerasi anchagina muvaffaqiyatli boshlanganini intervyudagi javoblardan bilib olishimiz mumkin. O'z tajribalarini baham ko'rgani hamda intervyu savollariga javob bergani uchun Mabrurga rahmat deymiz hamda uning kelajakdagi ishlariga omad tilaymiz.   

Keyingi intervyularni ham chop etib boramiz. Bizni yanda qiziqarli intervyular kutmoqda.

Community.uzbekcoders.uz ni kuzatib boring.

Dasturlashni o'rganishda davom eting. Bir million o’zbek dasturchilari safida bo’ling!