Dasturchi bilan intervyu loyihasining navbatdagi ishtirokchisi SaidAbbos Khudoykulov.

Eslatib o'tamiz, ushbu loyihada yosh dasturchilar haqida motivatsion shukuhdagi qisqa savol-javob (intervyu) berib boramiz. Bu intervyuda sizga o'xshagan O'zbekistondagi boshqa dasturchilar qanday o'z maqsadlariga erishgani va qanday loyihalar bilan mashg'ulligini baham ko'ramiz.  

Saidabbos OMUC ning FullStack yo'nalishida o’qib, o’rganishni Nanodegreeda davom ettirgan. Dasturchilik sohasiga kirib kelishi, qanday qiyinchiliklarni yengib o’tgani tahsinga loyiq. Qanday qilib bu natijalarga erishganini esa quyida intervyuda batafsil o'qishingiz mumkin.  

- O’zingiz haqingizda ma’lumot bersangiz.

- Salom ismim SaidAbbos Khudoykulov, hozir 25 yoshdaman, dasturlashga juda kech kirib kelganimga qaramasdan ilk taassurotlarim va erishgan natijalarim olovli bo'lgan. Har bir insonning o'z hayot yo’li va sarguzashtlari bo'lgani kabi menda ham dasturlash sohasiga oid juda qiziqarli voqealar ko'p bo'lgan, aynqisa dasturlashga kirib qolishim ham. Rostini aytsam dasturchi bo'lishni xayoliga ham keltirmagan, qilayotgan ishlari va yoki qo'limdan keladi deb hammaga aslida shunchaki ishchi emasligini isbotlab qo'yishga ulgurgan, tosh maydalash zavodi ishchisi edim. Albatta oilasi uchun harakat qiladigan er-yigitlar hech qachon oddiy yoki eng past darajali ishchi bo'lishdan qoniqishmaydi, zavodga qadar juda ko'p hunarlarni o'zlashtirganman, ishlaganmam va doim ish joyimda imkoniyatlar darajasida yutuqlarga erishib kelganman va ko'p hollarda jamoa yetakchisi bo'lganman, yetimlikni, musofirlikni, oila farovonligi uchun kurashni, ko'rganman. Jismoniy og'ir mehnat ishchisi bo'lishimga qaramasdan eski bir noutbook sotib olib, dasturlash tillaridan PHP SQL va ozgina JavaScriptni, muloqot tillaridan esa rus tilini mustaqil o'rganib olganman, men uchun doim nimadir o'rganish qiziq bo'lgan. Rus tilidan tarjima qilganda "O’rganishdan to'xtagan kunimiz yo'qlikga mahkummiz" tamoiliga juda qattiq amal qiladigan va o'tayotgan har soniyasi qadriga yetadigan insonman. Rus tilini o'rganish o'zbek tilida ma’lumotlar yetarli bo'lmagani sabab edi.

Oilaviy sharoitim sabab deyarli hech qanday o'qish haqida o'ylamasdim ham, biror marta oliy ta’limga hujjat topshirmaganman. Umuman olganda, O'zbekistonda oliy ta’limga hurmatim unchalik balandmasligiga sabab, TATUda yuqori kurslarda o'qiydigan "dasturchilar" menga MOODLE tizimidagi testlaridan o'tib berishim va darslariga yordam berishim uchun pul tavsiya qilib yordam so'rashlari ham ta’sir ko’rsatgan deb o'ylayman. Shunday yordamlardan birida menga berilgan topshiriq talaba o'rniga 2 ta oraliq testdan o'tishim va yangi bir loyihada o’sha talaba nomidan avval sertifikat olishim, so'ng esa grand uchun testda shunchaki qatnashib berishim kerak edi, men shunday qildim faqat o'z nomimdan qatnashdim. 

Alloh nasib qilib Pythonni yomon ko’radigan PHP dasturchi bolaga Python dasturlash tili va umuman Python web FullStack kasbi bo'yicha chuqurlashtirlgan grand yutib qo'ydim, tan olish kerak savollar kulguli darajada oson edi, hatto men uchun. Ammo ingliz tilidan mutlaqo nol edim, qiynaldim. Ammo nimagadir erishishimga va hayotimni istalgan tasodifiy imkoniyat o'zgartirishiga ishonardim. Va avval o'qish boshlanguncha python dasturlash tilini, console buyruqlari va shunga o’xshash narsalarni o'rganishimga, o’qish boshlanganda esa ancha vaqt butunlay dasturlashga sho’ng'ishimga to'g’ri kelgan. Oila boquvchsii sifatida toki loyiha doirasida konkursda g'olib bo'lmagunimcha juda ko'p ish qurollarimni, ortiqcha kompyuterimni va onam uchun oilib bergan sigirimizni ham sotishga to'g’ri kelgan. Hech kim menga ishonmaganda va hatto shuncha narsani eplab kelgan o'g'liga ishonmagan onaning ortiqcha gaplarini eshtishimga to'g’ri kelsa ham. Hayotimning burilish nuqtasida muvaffaqiyat uchun kurashganman.

- Dasturchilikni qachondan o'rganishni boshladingiz? Qaysi yo'nalishda dasturchilik qilasiz?

- Tasodifan "Bir million Uzbek Dasturchilari" loyihasida grand uchun imtihonda qatnashib yutib qo’yganimdan so’ng, mana qariyb 2 yildan buyon dasturlash sohasidanaman va qaysidir darajdagi tajribaga egaman. Web dasturlash yo’nalishida 10 dan ortiq katta-kichik loyihalarda Fullstack dasturchi sifatida ishtirok etganman.

Men uchun eng boshida qiyin bo'lgan haqiqiy loyihalar bu Nanodegree kurslari doirasdagi loyihalar edi, sababi ingliz tilini umuman bilmasdim, Pythonni esa grandni yutganimdan so'ng o'rganganman. Dasturlash bilan 100% vaqtimni o'tkazishga offline biznesim sabab imkonim bo'lmagan, oila boquvchisiman. Ammo tajribam kamligiga qaramasdan, dasturchilik faoliyatim davomida yaxshigina daromad ko’ryapman.

- OMUC ning dasturchilikni o'rganishda sizga ahamiyati qanday?

- Men uchun OMUCning ahamiyati haqida gapiradigan bolsam, rosti ko'zlarimda ozgina yosh qalqiydi chunki bu loyiha meni dasturchi sifatida kashf qilgan va oilamga aylanib ulgurgan. Balki oradan 5, 10 yoki 40 yil o'tganda ham mendan shu loyiha haqida so'rashsa men juda katta hurmat bilan loyihaga va barcha tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiraman.

- Birinchi muhim loyihangizni qachon bajargansiz? Guruh bilanmi yoki bir o'zingizmi? Sir bo'lmasa loyiha haqida qisqacha yozib bersangiz.

- Shu kunga qadar o'quv kurslari doirasida, YouTube uchun yoki meni YouTube orqali topib keladigan kichik loyihalarda ishlaganman, bular har xil turdagi telegram botlar, test tizimi, yuk mashinalari shafyorlari uchun buyurtma alishish tizimi, o'zim uchun yaratilgan saytlar va shunga o'xshash juda katta bo'lmagan ammo yetarlicha yaxshi loyihalardir. Ish faoliyatim doirasida topshiriqlarning qiyinlik darajasi yoki muammoning optimal yechimini topish yo'lida Python, PHP, JavaScript, SQL dasturlash tillaridan, ishni tezlashtirish uchun Jquery, django, flask, laravel, reactjs, bootstrap kabi freymworklar va har xil turdagi kutubxonalar hamda topshiriq va deadlinega qarab postman, pycharm, VS Code, navicatega o’xshagan koplab ish qurollaridan foydalanaman. 

- Dasturlashni o'rganishni boshlaganingizdan qancha vaqt o'tib birinchi marta jiddiyroq loyihada ishtirok etdingiz?

- Rostini aytsam faqat 2022-yil fevral oyidan bshlab dasturlashni juda chuqurlashtirilgan kurslarda o'rganib yaxshi mutaxassis bo'lishga kirishdim, endi ishlarim joyida va deyarli barcha vaqtimni dasturlashga sarflashim mumkin, rus va ingliz tillarida yaxshi kurslar sotib oldim va ba’zilarini juda katta muvaffaqiyalat bilan yakunlashga ham ulgurdim, ingliz tilini o'rganishda davom etyapman, Aslida oilam bag'rida bo'lish juda yoqadi menga, ukam bilan sport, til o'rganish va uning erkakcha tarbiyasi bn shug'ullanishimga imkon beradigan ish rejimida yani freelancer yoki masofaviy dasturchi bo’lishni istayman, ammo avvaliga yaxshilab chiqishim uchun tez orada junior FullStack Python dasturchi sifatida biror tashkilotga yoki menda bilimliroq dasturchilar jamoasiga a'zo bolishni reja qilyapman. 

- Kelajakda mustaqil dasturchi bo'lmoqchimisiz (o'z firmangizga ega yoki freelancer sifatida chet elga chiqmagan holda) yoki Top 10 talikdagi dunyoning eng katta kompaniyalariga ishga kirishga (chet elga borib) qiziqasizmi? Javobingizga o'zingizning shaxsiy fikringizni qo'shib qo'ysangiz.

- Dunyoning eng mashhur kompaniyalarida ishlar haqidagi savolga kelsak kim ham orzu qilmaydi deysiz, albatta men ham harakatdaman Alloh nasib qilsa Silicon Valley ga borib Google beysbolkasi yoki Amazon futbolkasini kiyib ishlab yurishlik nasib qilsin. Ammo baribir hammasini boshlashingda seni qo’llaringdan tutub parda ortidan olib chiqqan vatan oldidagi qarzimizni unutmasligimiz kerak, Zero har qanday buyuk mamlakat buyukligining siri bilimli boshqaruvchilardan tortib, sodiq o't o'chiruvchilarga ham taalluqlidur, shunday ekan har bir dasturchi ham o'z vataniga nimadur bera oladi ayniqsa hozirgi raqamli evalutsiya poygasida.

- OMUC da sertiifkat olishga qiziqib, darslarga esa qiziqmaydiganlarga maslahatingiz qanday?

- Bilasizmi omucda sertifikat olishga qiziqadiganlarni ayblamayman, bu qatnashchilarning emas sertifikat talab qiluvchilarning aybidir. Chunki qoyilmaqom boshlangan loyihada aslda maqsad qolib kim o'zarga intilib, bilimga emas sertifikatga qarab baho beradiganlar, xulosa chiqaradiganlar va yoki maktabi uchun pulga sertifikat olgan direktorga Spark vada qiladiganlar ozgina xato qadam qoyishdi. Bir so'z bn shunday ifoda etolaman, dasturlashni mutaxassislar o'rgatishdi-yu baholashni sertifiaktga qarab baholashdi. Bu esa noto’g’ri. Tushunadigan odamlarga berganida edi siz, men va boshqa jonkuyarlar bilan birgalikda ajratib berardik kim guruch-u kim kurmak deb.

Ammo nima bo’lganda ham men hech kimdan gina qilmayman, chunki inson borki xato qiladi, tizim borki bag bor, faqat bir narsani unutmasligimiz kerak xatolardan so'ng uni yashirishimiz va yoki asldia hammasi to'g’ri bo'lgandek ko’rsatishimiz emas, mard bo'lishimiz va har qanday buyuk tizimni o'z vaqtida to'g'irlangan xatolar yaratishini tan olishimiz zarur.

 

SaidAbbos haqiqiy jonkuyar dasturchi. Birgina uning OMUC orqali FullStack dasturchisiga aylanishining murakkab hayotiy yo’li bunga misol bo’la oladi. Qolaversa oxirgi payt avj olgan “sertifikat balosi” haqida o’zining fikrini bildirdi. O’ylaymanki, bu intervyudagi savol-javoblar hali beri dasturchilikni tanlashga qiynalayotgan, shunday bo’lsa-da, o’rganishni xohlaydigan yosh o’rganuvchilarga yaxshigina tajriba almashish bo’ldi. SaidAbbosning kelajakdagi ishlariga omad tilaymiz.    

Keyingi intervyularni ham chop etib boramiz. Bizni yanda qiziqarli intervyular kutmoqda.

Community.uzbekcoders.uz ni kuzatib boring.

Dasturlashni o'rganishda davom eting. Bir million o’zbek dasturchilari safida bo’ling!