Dasturchi bilan intervyu loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Abduaziz Ziyodov.

Eslatib o'tamiz, ushbu loyihada yosh dasturchilar haqida motivatsion shukuhdagi qisqa savol-javob (intervyu) berib boramiz. Bu intervyuda sizga o'xshagan O'zbekistondagi boshqa dasturchilar qanday o'z maqsadlariga erishgani va qanday loyihalar bilan mashg'ulligini baham ko'ramiz.  

Abduaziz Ziyodov OMUC ning FullStack, FrontEnd yo'nalishlarida o’qigan hamda Nanodegreeda ham o’qigan. Umuman olganda dasturchilik karyerasini juda yaxshi boshlagan yosh dasturchilardan hisoblanadi. Shaxsan o’zim Abduazizning axborot texnologiyalariga oid hamma maqolalarini qiziqib o’qib chiqqanman. Ushbu hamjamiyatda bu dasturchining ko’plab ma’noli maqolalarini o’qishingiz mumkin. Qanday qilib bu natijalarga erishganini esa quyida intervyuda batafsil o'qishingiz mumkin.  

- Ism-sharifingiz, yoshingiz

- Abduaziz Ziyodov Xurshidovich, 17 yosh.

- Ish/o'qish joyingiz

- Hozircha maktabda o'qiyman.

- Dasturchilikni qachondan o'rganishni boshladingiz? Qaysi yo'nalishda dasturchilik qilasiz?

- 2017-2018 yillardan dasturlash haqida tushunchaga ega bo'lganman.  Yo'nalish beradigan & yordam so'raydigan tanishlarim bo'lmagan. Har haftada yo'nalish & til o'zgartirib yurganim esmida.  C++ni maqtashsa unga,  boshqasini maqtashsa yana o'tib ketaverardim. Vaqtida desktop ilovalar yozishga ham qiziqib qolganman va "aylanib-aylanib" PHPni o'rganganman. Kalkulyator va shunga o'xshash mayda dasturchalar qilganman. 2018 yilda youtube'ga video ham joylagan ekanman kalkulyator ilovam haqida, hozir qarasam biroz kulgim ham keladi ( https://www.youtube.com/watch?v=__H6AcumWns ). El qatori dasturiy ta'minot & tarmoqlarni "buzish"ga nisbatan qiziqishim yuqori bo'lgan. Shuni ketidan pythonga nisbatan qiziqishim ortib ketgan. Ushbu maqsadda yozilgan ko'plab skriptlar & eksploitlar pythonda tayyorlanganidan bo'lsa kerak pythonga yanada qiziqishim ortgan va uni shu maqsadda o'rganishni boshlaganman desam adashmagan bo'laman. 5-6 oydan keyin esa o'zim uchun mos & yoqimli yo'nalishni tanlashga muvaffaq bo'lganman. Serverlar uchun ilovalar yozishni o'rgnanishni maqsad qilib qo'ygan edim va hozirgi kungacha "backend" dasturchi sifatida ish yuritaman.

- OMUC ning dasturchilikni o'rganishda sizga ahamiyati qanday?

- Dasturlashni o'rganishda qo'shimcha resurlarni shu jumladan o'quv kurslarining roli katta. Pythonda amaliyot qilib yurgan vaqtlarim OMUC  haqida 1- televizorda keyin esa telegram kanallarda eshitgandim. OMUC hamjamiyatining saytiga kirgandim ( community uzbekcoders uz ), shuning ketidan juda ham ko'plab tanishlar ortirdim. SaidAbbos Xudoyqulov OMUC haqida ko'p ma'lumotlarni shu jumladan nanodegree granti haqida ham aytib o'tgandilar. Udacity kurslari haqida "feedback"lar bilan qiziqdim, sifat yuqori darajada va narx ham shunga qimmat ekanligini ko'rdim. OMUCning eng katta yordami esa manashu kurslardan 4 tasinini "eng zo'r 50" foydalanuvchilarga grant sifatida taqdim etgani bo'ldi. 1-2 marta imtihondan yiqildim, keyin esa ketma-ket 2ta yo'nalishi bo'yicha o'qishni tamomladim. Kursda real loyihalarga urg'u berilganligi menga ma'qul keldi. Qolaversa, o'zim uchun 3-4ta yangi texnologiyalar & platformani o'rgandim ( amazon web services, kubernetes, auth0 ). O'zimning asosiy kamchiliklarimdan biri deb hisoblagan "kodga komment yozish" ko'nikmam ustida ishladim, juda ham tajribali mentorlar va project reviewlar ketidan "daxshat" tajribalarga ega bo'ldim. Ba'zan menikidan 700 marta tez ishlaydigan yechimlarni "suggestion" sifatida qoldirgan reviewlar bo'ldi. Odam o'zining xatolarini ko'rib & tahlil qilishi kamdan kam kuzatiladi. Loyihalardagi boshqa bir shaxsning reviewlari ko'proq yordam berdi. OMUCning ahamiyatini ko'proq nanodegree kurslarida deb bilaman ochig'i.

- Birinchi muhim loyihangizni qachon bajargansiz? Guruh bilanmi yoki bir o'zingizmi? Sir bo'lmasa loyiha haqida qisqacha yozib bersangiz.

- Birinchi muhim loyihamni mustaqil bajarganman. Yaqin tanishimizga PDF formatidagi 300 varoqli hujjat bor edi va u shunchaki "skaner"dan o'tkazilgan edi. Xullas uni wordga ko'chirib bo'lmas edi (convert qiladigan saytlar orqali ham). Pythondagi grafik interfeysli ilovalar yaratish imkoniyatini beruvchi & pytesseract texnologiyasi yordamida ushbu vazifani qiyinchiliksiz yakunlashga yordam berganman. Bu loyihani bir shaxsga foydasi tekkanligi sababli uni ahamiyatini yuqori baholayman. 

- Dasturlashni o'rganishni boshlaganingizdan qancha vaqt o'tib birinchi marta jiddiyroq loyihada ishtirok etdingiz?

- 1-1.5 yil deb ayta olaman. O'zim uchun tayyorlagan loyihalar muhiti va production muhiti tubdan farq qiladi. Xattoki freymvorkning ishlatilish yuzasidan ham. Shu jihatlarni hisobga olgan holatda qo'shimcha texnologiyalarni o'rganishga to'g'ri kelgan. Hozirda o'zbek tilida ham resurslar ko'payib qoldi, bemalol 6-7 oy ichida loyihalarda ishtirok etadigan darajaga chiqish mumkin. 

-  Qaysi dasturlash tillarini o'rganmoqchisiz? yoki sizga o'z yo'nalishingiz mutlaq yoqadimi?

- O'zimning asosiy qurolim sifatida pythonni ko'ra olaman, yo'nalishimni juda yoqtiraman. Chunki backend dasturlash deyarli 99% loyihalarda muhim rol o'ynaydi, o'yin industriyasidan tortib sun'iy intellektgacha (AI modellarda ham deployment jarayoni bo'ladi). Lekin o'rganish masalasiga keladigan bo'lsak, xudo xohlasa typescript yoki golang dasturlash tilini o'rganish niyatim bor.

- Kelajakda mustaqil dasturchi bo'lmoqchimisiz (o'z firmangizga ega yoki freelancer sifatida chet elga chiqmagan holda) yoki Top 10 talikdagi dunyoning eng katta kompaniyalariga ishga kirishga (chet elga borib) qiziqasizmi? Javobingizga o'zingizning shaxsiy fikringizni qo'shib qo'ysangiz.

- Ochig'i ikkalasiga ham qiziqaman. Lekin mening fikrimcha avval ma'lum bir kompaniyada ko'p yil davomida ishlab, qimmatli tajribani yig'ish muhim. Shu orqali IT kompaniyalarning ishlash mexanizmini ham tushunib yetish mumkin va bu debugging va kod yozish kabilardan mutlaq farq qiladigan tushunchalardir. Bulardan so'ng esa o'zining firmasiga asos solish maqsadga muvofiq. Ko'plab insonlar ish bilan ta'minlanadi, IT kompaniyalar o'rtasida raqobat kuchayadi va o'sish yuzaga keladi.

- Endi dasturlashni o'rganmoqchi bo'lgan o'rganuvchilarga maslahatingiz qanday? Ayniqsa yo'nalish tanlolmay xunob bo'layotganlarga :)

- Yo'nalish tanlay olmayotganlarga maslahatim internetga har bir yo'nalish haqida ma'lumotlarni o'rganing, ularning solishtirilganligi haqida emas. 2ta narsani solishtirish vaqtida xohlaymizmi yo'qmi mualliflar ko'proq o'zlariga yoqgan yo'nalishlarga urg'uni berishadi. O'zingizga yoqgan yo'nalishni tanlang, boshqalarning vaziyati sizniki bilan mos tushmasligi mumkin. 

- OMUC da sertiifkat olishga qiziqib, darslarga esa qiziqmaydiganlarga maslahatingiz qanday?

- Shunchaki vaqt yo'qotishgani qoladi, undan ko'ra cs 1.6 o'ynaganlari foydaliroq. Insonning boshi bir devorga urilmasa, ungacha aytilgan gaplar samara bermaydi. Ularga buning ahamiyatsiz ekanligini ko'rsatish uchun nanodegree grantlarining ahamiyatini ko'rsatish lozim deb bilaman. Gap OMUC va shunga o'xshash loyihalarning sertifikatlari haqida borsa, ulardan qo'lga kiritilgan sertifikatlarning ahamiyati 0 dan ham past darajada. Ammo AWS va shunga o'xshash platformalar va texnologiyalarning "certification"lari esa umuman boshqa gap. Qo'pol qilib aytganda ularda "suvingizni siqib" o'qitadi. Ularning sertifikati esa xuddi ingiliz tilini bilish darajasini IELTSdek ( awsni bilish darajasi ... ). Maqsadni sertifikatga emas, ishga joylashish, yangi narsalarni o'rganish va shunga o'xshash narsalarga bog'lash kerak va shunda harakat ham shunga mos boladi.

-  Video o'yinlar o'ynaysizmi? Agar ha bo'lsa, qaysilar?

- Sniper Elite o'yinlarining seriyasiga qiziqaman (4-qismi). Ko'proq konstruktor tipidagi o'yinlarga qiziqaman, kech vaqt "Poly Bridge 2" o'yinini o'ynab turaman. Onlayn o'yinlar ko'p vaqtni yeb qo'yishi sababli "tikkasiga chopganman" (rosa o'ynardim).

- Kuni bo'yi kod yozish salomatligingizga ta'sir qilishidan qo'rqmaysizmi? Eng ko'p necha soat kod yozgansiz? (rekord)

- Qo'rqaman albatta, lekin deyarli barcha ehtiyot choralarini ko'rib boraman iloji boricha. Monitorimning barcha sozlamalarini o'zgartirganman, xususan yorqinligi, kontrasligi va hokazolar kabi sozlamalarini ko'zni zo'riqtirmaydigan darajagacha tushurganman. Ko'zimda bir kun qizil dog'ni ko'rdim. Ushbu dog'larni monitordagi ko'k rang spektrlari keltirib chiqarishidan xabar topganimdan so'ng, ko'k rangni filter qiluvchi maxsus ilovadan ham foydalanib kelaman anchadan beri + sifati yaxshi kompyuter uchun mo'ljallangan ko'zoynakdan ham. Ko'p o'tirmaslikga vaqti vaqti bilan tanaffus olishga harakat qilaman. Hovlida turganim uchun, jismoniy mashqlarni xohlamasam bajarishga majbur bo'laman 😄 Vs Code'da wakatime nomli plagindan anchadan buyon foydalanib kelaman, 2021 yil statistikasi bo'yicha eng ko'p kod yozgan kunim 4-sentyabr ekan (maqtanishga arzimaydi, salomatlikka jiddiy ta'siri bor). Ya'ni 11 soat kod yozganman. O'rtacha inson kuniga 6-7 soat uxlab, 2 soat ovqatlanishi, 5 soat kompyuterda o'tirib, ushbu 5 soat mo'baynida 2 soat kod FAQAT kod yozishini ( 3 soat tutorial ko'radimi, kino ko'radimi ...) hisobga olsak 11 soat FAQAT kod yozish shunchaki dahshat vaqt ekanligini tasavvur qilish qiyin emas.

Abduazizning bilimga chanqoqligi, harakatchanliligi hamda serg’ayratliligi tahsinga loyiq. Sizlarga Abduazizning boshqa maqolalarini o’qishingizni tavsiya qilaman. Mana bu havolalar orqali. Chunki API haqida yozgan maqolasi men uchun hamjamiyat tarixida eng yoqqan maqola bo’lgan. Abduazizning kelajakdagi ishlariga omad tilaymiz.   

 

Keyingi intervyularni ham chop etib boramiz. Bizni yanda qiziqarli intervyular kutmoqda.

Community.uzbekcoders.uz ni kuzatib boring.

Dasturlashni o'rganishda davom eting. Bir million o’zbek dasturchilari safida bo’ling!