Dasturchi bilan intervyu loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Farrux Xusainov.

Eslatib o'tamiz, ushbu loyihada yosh dasturchilar haqida motivatsion shukuhdagi qisqa savol-javob (intervyu) berib boramiz. Bu intervyuda sizga o'xshagan O'zbekistondagi boshqa dasturchilar qanday o'z maqsadlariga erishgani va qanday loyihalar bilan mashg'ulligini baham ko'ramiz.  

Farrux Xusainov Android yo'nalishidagi dasturchilardan biri. Farrux bilan hayotda ko'rishmagan bo'lsam-da, uning fikrlashi, Android OMUC guruhidagi yozishmalari tufayli bu dasturchi menda juda yaxshi taassurot qoldirgan. Guruhdagi har bir savolga to'g'ri javob berishi, murakkab savol bo'lgan taqdirda ham to'g'ri yo'nalish berishi - hamma uchun foydali, savobli ishlardan desak mubolag'a bo'lmaydi. Quyida intervyuda bu haqida batafsil o'qishingiz mumkin.  

- Ism-sharifingiz, yoshingiz

- Xusainov Farrux, 21 yosh

- Ish/o'qish joyingiz

- Urganch Davlat Universiteti talabasi

- Dasturchilikni qachondan o'rganishni boshladingiz? Qaysi yo'nalishda dasturchilik qilasiz?

- Dasturlashga ilk qiziqishim 6-sinfdan boshlangan. Dasturchi boʻlish niyati bilan fokusni shu sohaga qaratgan holda oʻrganishni 2020-yil 17-iyunda boshlaganman.  Android dasturchiman.

- OMUC ning dasturchilikni o'rganishda sizga ahamiyati qanday?

- Android dasturlashni oʻrganish uchun ilk manba boʻlgan. Aynan OMUC da boshlaganman, keyinchalik turli boshqa resurslardan oʻrganganman. Oʻzi aslida OMUC beginner paytingizda, yani 0dan boshlab oʻrganish uchun ajoyib imkoniyat.

- Birinchi muhim loyihangizni qachon bajargansiz? Guruh bilanmi yoki bir o'zingizmi? Sir bo'lmasa loyiha haqida qisqacha yozib bersangiz.

- 2021-yil. Jamoa bilan. Kompaniya boshqaruvini avtomatizatsiya qilish va qulaylashtirishga qaratilgan koʻp funksiyali dastur. Undan oldin shugʻullangqn yirikroq dasturlarimning koʻpchiligi yoki yakka holda qilingan, yoki tugallanmagan edi.

- Dasturlashni o'rganishni boshlaganingizdan qancha vaqt o'tib birinchi marta jiddiyroq loyihada ishtirok etdingiz?

- Roppa rosa bir yildan soʻng. Ungacha tuzgan yirikroq dasturlarim oʻzim uchun, yakka holda tuzilgan edi. Dasturlashni oʻrganishni boshlaganimdan 1 yil oʻtib esa, ishga kirib ancha jiddiy loyihada jamoa aʼzosi sifatida qatnashganman.

- Shu kungacha ishtirok etgan loyihalaringiz, tuzgan dasturlaringiz haqida ma'lumot bersangiz.

- Kinofilmlar haqida malumot beruvchi dastur (men buni eslayman, Android OMUC guruhida skrinshotini ko'rgandim, RecycleView bilan yaxshi ish qilingan), Online savdo qilish dasturi, Kompaniya boshqaruvini avtomatizatsiya qilish dasturi, Uy oldi-sotdi eʼlonlari dasturi va boshqalar.

-  Qaysi dasturlash tillarini o'rganmoqchisiz? yoki sizga o'z yo'nalishingiz mutlaq yoqadimi?

- Python dasturlash tilini oʻrganish va oʻzimni Machine Learning va Backend developmentda sinab koʻrish niyatim bor.

- Kelajakda mustaqil dasturchi bo'lmoqchimisiz (o'z firmangizga ega yoki freelancer sifatida chet elga chiqmagan holda) yoki Top 10 talikdagi dunyoning eng katta kompaniyalariga ishga kirishga (chet elga borib) qiziqasizmi? Javobingizga o'zingizning shaxsiy fikringizni qo'shib qo'ysangiz.

- Mustaqil dasturchi boʻlishni maʼqul koʻraman. Lekin ungacha albatta MAANG (FAANG) kompaniyalari kabi yirik gigantlarda ham ishlab koʻrishni maqsad qilganman.

Chet elga chiqib yirik kompaniyalarda ishlash menimcha katta tajriba va qulayliklar berishi mumkin, ammo inson "oʻziga-o'zi ishlash"i eng ajoyib tuygʻu bolsa kerak. IMHO

- Endi dasturlashni o'rganmoqchi bo'lgan o'rganuvchilarga maslahatingiz qanday? Ayniqsa yo'nalish tanlolmay xunob bo'layotganlarga :)

- Yo'nalishingizni tanlagan boʻlsangiz, aniq roadmap asosida oʻrganing. Turli texnologiyalar, dasturlash tillari, proyektlarni chalkash holda oʻrganmang. Tanlagan yoʻnalishingizni tartib bilan oʻrgansangiz, ancha tez va yaxshi natijaga erisha olasiz. Buning uchun turli roadmap lardan foydalaning. Misol uchun roadmap.sh saytida dasturlashning turli yoʻnalishlari uchun roadmap lar mavjud.

Oʻrganish jarayonida shoshilmang, oʻzingizga "Nega?" degan savolni koʻproq bering: "Nega bu texnologiyani oʻrganishim kerak?", "Nega kodning bu qismida bunday usul ishlatilgan?", "Nega IDE menga bu ogohlantirishni beryapti?", "Nega bu xatolik boʻldi, xatolikni asl sababi nima?" va hokazo.

Yoʻnalish tanlay olmayotganlar esa: shunchaki har yoʻnalishda ozroq nimadir kod yozib koʻring, dastur yaratib koʻring. Bittasini tanlang. Va yo'nalishingizni oʻzgartirishdan qoʻrqmang.

Va dasturlashni oʻrganmoqchi boʻlgan barchaga maslahatim: motivatsiyangizni yoʻqotmang. Motivatsiyangizni kunlik rejimga aylantiring. Albatta oʻrganish jarayonida nimadir oʻxshamaydigan, umidingiz soʻnadigan paytlar boʻladi. Shu paytlarda ortingizga qarang, qancha narsa oʻrganganingiz, qancha yoʻl bosib oʻtganingizni eslang. 1soat dam olib, yana davom eting. Hozirgi seniorlar, team lead lar ham qachonlardir "Hello world" yozishgan. :-)

- OMUC da sertiifkat olishga qiziqib, darslarga esa qiziqmaydiganlarga maslahatingiz qanday?

- Shunchaki darslarga ham bir qiziqib koʻringlar, balki aynan dasturchilik siz uchundir degan boʻlardim. Sertifikat sizga ishga yoki oʻqishga kirish imkonini bermaydi. Faqat darslarda olgan bilimlar sizga yordam beradi.

 

Farruxning javoblarini o'qib, uni qanchalik yaxshi fikrlaydigan dasturchi ekanligini tasavvur qilsa bo'ladi. Qolaversa uning OMUC orqali dasturlashga kirib kelganini bilish quvonarli hol, albatta. Bu bo'lsa OMUC ning jamiyatimizda bir qancha yaxshi dasturchilar shakllanishiga xizmat qilayotganiga yorqin misol. Fikrlaringiz bo'lsa izohlarda qoldiring.   

Keyingi intervyularni ham chop etib boramiz. Bizni yanda qiziqarli intervyular kutmoqda.

Community.uzbekcoders.uz ni kuzatib boring.

Dasturlashni o'rganishda davom eting. Uni o'rganish o'z qo'lingizda!