Dasturchi bilan intervyu loyihasining navbatdagi ishtirokchisi Mansur Pardayev.

Eslatib o'tamiz, ushbu loyihada yosh dasturchilar haqida motivatsion shukuhdagi qisqa savol-javob (intervyu) berib boramiz. Bu intervyuda sizga o'xshagan O'zbekistondagi boshqa dasturchilar qanday o'z maqsadlariga erishgani va qanday loyihalar bilan mashg'ulligini baham ko'ramiz.  

- Ism-sharifingiz, yoshingiz

- Pardayev Mansur Azamat o'g'li 15 yosh

- Ish/o'qish joyingiz

- Maktab o‘quvchisi

- Dasturchilikni qachondan o'rganishni boshladingiz? Qaysi yo'nalishda dasturchilik qilasiz?

- Dasturlashni 2020-yil (O‘zbekistonda birinchi karantin bo‘lgan yili) boshlaganman, televizorda ko‘rib qiziqqanman, lekin orada ancha vaqt dasturlash bo‘yicha bilimimni kengaytirmadim (ma‘lum sabablarga ko‘ra) hozirda Android dasturchiman.

- OMUC ning dasturchilikni o'rganishda sizga ahamiyati qanday?

- Men dasturlashga OMUC orqali kirganman, shuning uchun OMUC menga "fundament" bo‘lgan, balki shu OMUC bo‘lmaganda men dasturchi ham bo‘lmas edim. Birinchi OMUC ga kirib Front Endda o'qidim, lekin bu men xohlagan yo'nalish emasligini tushundim va Androidga o'tdim. Shuningdek menga OMUC ning telegram guruhlari va community ham o'zgacha ruh bag'ishlardi. O'zi aslida men OMUCni o'zida o'qib yaxshi dasturchi bo'lmoqchi edim va shu maqsadida Nanodegree ga 2marta imtihon topshirgandim, 2marta ham yiqildim, shundan so'ng faqat OMUC ni o'zi zo'r dasturchi bo'lishga kamlik qiladi degan fikrga keldim va o'qituvchi bilan dasturlashni o'rgana boshladim (va hozirgacha), keyin Nanodegree ga umuman topshirmay qo'ydim, lekin hozirda yana qiziqayapman, balki yana topshirib ko'rarman. OMUC bizga berilgan zo'r imkoniyat, undan samarali foydalanib qolish kerak!

- Birinchi muhim loyihangizni qachon bajargansiz? Guruh bilanmi yoki bir o'zingizmi? Sir bo'lmasa loyiha haqida qisqacha yozib bersangiz.

- Birinchi muhim loyihamni bir o‘zim qilganman, Alisher Navoiy haqida ilova bo‘lgan, bu ilova bilan men tanlovda qatnashgandim, ammo men g‘olib bo‘lmaganman, lekin uni Google Playga joylashtirganim uchun xafa bo‘lmaganman :) Ilova oddiygina: Alisher Navoiy hayoti, asarlari va ilova ichida uchraydigan turkiy so'zlar lug'atlaridan iborat.

- Dasturlashni o'rganishni boshlaganingizdan qancha vaqt o'tib birinchi marta jiddiyroq loyihada ishtirok etdingiz?

- Dasturlashni o‘rganganimdan 2yil o‘tib (ya‘ni hozir) "mGovAward" tanlovida qatnashayapman (mobil ilova tuzish kerak), bu men uchun hozirda eng muhim loyiha. Bunda jamoa bo'lib ishtirok etayapmiz.

- Shu kungacha ishtirok etgan loyihalaringiz, tuzgan dasturlaringiz haqida ma'lumot bersangiz.

- Unchalik ko'p loyihalarda ishtirok etmaganman (ishtirok etmaganman desam ham bo'ladi), birinchi loyiham o'sha Alisher Navoiyga bag'ishlangan, 2-si hozirgi mGovAward, lekin ishtirok etishga bir nechta imkoniyatim bo'lgan, men bilimim yetmasa kerak degan fikrda edim, hozirda esa afsusdaman, barchasiga qatnashib bilimimni kengaytirish kerak bo'lgan ekan, mana masalan hozirgi mGovAwardda ilova yaratishim uchun menga biroz bilim yetmayapti, men esa uni o'zim o'rganishga majburman, agar hamma loyihada shunaqa qilib ishtirok etsam hozir bilimim ancha ko'p bo'lishi mumkin edi.

- Qaysi dasturlash tillarini o'rganmoqchisiz? yoki sizga o'z yo'nalishingiz mutlaq yoqadimi?

- O'zimga hozirga yo'nalishim juda yoqadi, kelajakda o'rganmoqchi bo'lgan dasturlash tillarim: 1-o'rinda kotlin, chunki u javadan ancha qulay, 2-si Flutter chunki u bilan iOS ga ham ilova tuzish mumkin, 3-si python buni shunchaki o'zim uchun o'rganim qo'ymoqchiman. Shuningdek ko'pchilik qiziqqani kabi cyber securityga ham qiziqaman va o'rganish niyatim bor.

- Kelajakda mustaqil dasturchi bo'lmoqchimisiz (o'z firmangizga ega yoki freelancer sifatida chet elga chiqmagan holda) yoki Top 10 talikdagi dunyoning eng katta kompaniyalariga ishga kirishga (chet elga borib) qiziqasizmi? Javobingizga o'zingizning shaxsiy fikringizni qo'shib qo'ysangiz.

- Menga albatta katta-katta IT gigantlarida ishlash juda yoqadi, lekin meni kelajakdagi niyatim Google, Amazon,  Appleda ishlash emas balki o'zim shunaqa kompaniya ochish va o'sha kompaniya alohida o'zini o'rniga ega qilish, albatta biror bir kompaniyada ishlayman faqat tajriba uchun. Bunday katta kompaniyalarda ishlash albatta zo'r lekin baribir "o'z kompaniyang va o'z startuping — o'lan koding".

- Endi dasturlashni o'rganmoqchi bo'lgan o'rganuvchilarga maslahatingiz qanday? Ayniqsa yo'nalish tanlolmay xunob bo'layotganlarga :)

- Endi dasturlashga kirayotganlar menimcha barcha dasturlash yo'nalishlari bo'yicha umumiy ma'lumotlarni o'rganishlari kerak (ya'ni o'zi dasturlash tili nima, back end nima, front end nima va h.z.) keyin har bir yo'nalishda o'qib ko'rish kerak (meni o'zim shunaqa qilganman), keyin qaysi yo'nalish o'ziga mosligini tushunib yetsa kerak.

- OMUC da sertifikat olishga qiziqib, darslarga esa qiziqmaydiganlarga maslahatingiz qanday?

- Ularga birgina savol bilan murojaat qilaman: kimni aldayapsiz? Sertifikatni hech qanday foydasi yo'qligi haqida ko'p gapirilayapti, lekin foydasi negadir yo'q, ayniqsa hozirda telegram guruhlarda "5000 so'm evaziga 2ta sertifikat olib beraman, qiziqqanlar lich" deydiganlarni ko'rsam juda asabim buziladi, g'ashim keladi, O'zbekistonda ko'pchilik shunaqa bitta sertifikatni olib "men dasturchiman" deydiganlar ko'p ekan, biz qachon rivojlanamiz? Bundaylarga maslahat: siz o'sha sertifikat beriladigan joyda yaxshilab o'qib sartifikatni haqqoniy oling, o'shanda sizga foyda bo'ladi va o'zingizda ham qiziqish paydo bo'ladi.

Mansur Pardayevning dasturchilikni egallashida OMUC sababchi bo’lishi quvonarli hol albatta. Mansurning ishlariga omad tilaymiz.

Community.uzbekcoders.uz ni kuzatib boring.

Dasturlashni o'rganishda davom eting. Bir million o’zbek dasturchilari safida bo’ling!